Urganch shahrida «Sug‘oriladigan yerlarda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish» mavzusida seminar tashkil etildi.

    Hozirgi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan yerlarda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari doirasida keng ko‘lamli irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, qo‘shni hududlarda yangi yerlarning o‘zlashtirilishi, suvga bo‘lgan talabni yildan-yilga oshib borishiga hamda suv resurslarining taqchilligiga sabab bo‘lmoqda.
     Mazkur muammolar yechimiga qaratilgan «Sug‘oriladigan yerlarda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish» mavzusida Urganch shahri “FAYZ” Hotel mehmonxonasi konferens zalida 2025 yil 28 may kuni seminar tashkil etildi.
     Seminarni Xorazm suv muammolari ilmiy-tadqiqot markazi (SMITM) direktori kirish so‘zi bilan ochdi, shuningdek, seminar ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodirbek Madiboev va Loyiha rahbari, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tadqiqotchisi Shavkat Kenjabaevlar seminar ishtirokchilariga tadbir tashkil etilishi va undan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berdilar.

Seminarning maqsadi – suv va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirish bo‘yicha xozirgi kundagi zamonaviy ilmiy va amaliy yechimlar bilan tanishish, bilim va ko‘nikmalar bilan almashish hamda sohaga oid masalalarni muhokama qilishdan iboratdir. 

     Seminar ishida IWMI, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi raxbarlari va mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari raxbarlari, shuningdek, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi, “Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasi, Urganch davlat universiteti (UrDU) hamda SMITM olimlari va ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.

     Seminar kun tartibiga asosan “Xorazm viloyati sharoitida paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish”, “O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga oid islohotlar”, “ISMITI Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazining sug‘orish va melioratsiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishdagi tajribasi”, “Suvdan foydalanish samaradorligini aniqlashda kosmik ma’lumotlardan foydalanish istiqbollari”, “Agrometeostansiya ma’lumotlari orqali g‘o‘zaning suvga bo‘lgan talabini hisoblash” hamda “Xorazm viloyati sharoitida yerlarni lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislash texnologiyasining samaradorligi” mavzularida seminar ishtirokchilariga taqdimotlar qilindi.

Jumladan seminar ishida SMITM direktori O.Eshchanov va SMITM “Suv xo‘jaligida raqamli va innovatsion texnologiyalar” laboratoriyasi mudiri H.Durdievlar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishdi. 

     Seminar doirasida ishtirokchilar Xorazm “Suvchilar maktabi” tajriba maydoniga tashrif buyurishdi va u yerda agrometeorologik stansiya ma’lumotlarini olish, suvni hisobini yuritish, dalada joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqa usullar bilan amaliyotda tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

30-05-2025, 09:23
Ko'rishlar: 129
Sahifani chop etish
Suv hayotning asosi, uning qayta tiklanadigan resursidir. Uni shunday boshqarish kerakki, uning tabiat bilan munosabatlari doimiyligi saqlanib qolsin.
“Suv O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi, suvdan oqilona foydalanish lozim bo'lib, u davlat tomonidan qo'riqlanadi”